O`ZBEK :: ENGLISH    

KUTUBXONA

  CHANG
 
        Yozma manbaalarga ko`ra XV, XVII asrlardan boshlab "chang" sozi musiqa hayotimizda ma'lum o`rin egallay boshlagan. Ungacha esa "chang" iborasi o`zbek hamda tojik musiqa madaniyatida butunlay o`zga soz, tirnab chalinadigan zamonaviy yevropacha arfaning bizda keng ishlatilgan qadimiy kichik hajmdagi namunasini anglatadi. Jumladan Alisher Navoiyning buyuk asari "Xamsa"ning "Sabbai sayyo`r" dostonidagi "chang" iborasi ham arfa tusidagi cholg`u sozini aniqrog`i qo`l arfasini anglatgan bo`lib, uning mohir ijrochilari sifatida Dilorom kabi ayol obrazlari tasvirlangani ham bejiz bo`lmagan. O`sha davrlarga xos arfasimon chang deyarli xotin-qizlarga mansub cholg`ulardan biri sifatida hatto, eramizdan oldingi asrlardayoq ishlatilgan. Ammo XVII asrlardan keyin bu qo`l arfasi ijrochilikdan chiqa boshlagan va o`rnini o`zga soz - mazsus tayoqchalar bilan urib chalinadigan trapetciya shaklida chang cholg`u asbobi egalladi.
        XVII asrda yashab ijod qilgan Darvish Ali Changiyning risolasida musiqa nazariyasi haqidagina to`xtalib o`tmasdan, turli davr ijrochilari va saroy qoshida keng tarqalgan musiqa sozlaridan bo`lgan tanbur, chang, nay va qonun haqida ham to`xtalib o`tadi.
        U sozlarni bir-biriga taqqoslab changni "sozlarning kelinchagi" deb ataydi.
Darvish Ali - ibn Mirzo Ali-ibn Xo`ja Mahmud - Marvarid shu sozning mohir ijrochisi edi. U yoshligidan changga mehr qo`ydi va keyinchalik shuhrat qozondi. Shu davrning yana bir mohir changchisi - Mavlono Zaynuliddin Rumiy edi.
        Darvish Alining ta'kidlashicha, u juda ko`p peshrav va kuylar ijod qilgan. Ulardan eng ko`zga ko`rinarlisi 3 ta peshrav edi:
        Birinchisi: Ehson. Husayniy maqomining pardalarini o`z ichiga oladi.
        Ikkinchisi: Soqil. Iroq maqomi pardalari asosida ijod qilingan.
        Uchunchisi: Peshravi-ufor. Husayniy maqomining xonalaridan tarkib topgan.
        Yana Darvish Ali Changiy qadimda (changni) kelib chiqishi haqida shunday yozadi: chang qadimiy soz bo`lib, Mesopotamiyadan tortib, to Xitoygacha bo`lgan juda katta hududda ishlatilgan. Buxoroda (XVI asr) Shayboniylardan bo`lgan Abdullaxonning zamondoshi Xo`jai Kalon (Buyuk Xo`ja, Shayx Xo`ja Sa'd) og`ir dardga giriftor bo`ladi. Tabib Sulton Muhammad uni davolab, kasalni yengishda chang mashqlarini eshitishni tavsiya etadi. Xo`ja Sa'd Darvish Alini huzuriga chorlaydi. Darvish Ali uch oy davomida Sa'd qoshida chang chaladi. Xo`ja butunlay tuzalib ketadi.
        Qadimda buyuk Nushiravon zamonida (531-579) mashhur changchi Piri Changchi yashagan. Eron arablar qo`liga o`tadi, undan keyin xalifa Umar Eron musiqasini ta'qib ostiga oladi. Piri Changchi o`zini hech kimga keragi yo`qligidan xafa bo`lib, Madinaga Yasrab qabrini ziyorat qilgani boradi. U o`z yoniga changni qo`yib, nola qila boshlaydi: "Men doimo sen uchun chaldim, endi meni ta'qib ostiga olishgani uchun seni oldingga oxirgi marta chalish uchun keldim. Bir narsani sendan so`rayman, ipak torlarimgagina haq berishsa", yig`lab va qattiq oh urib o`zini oxirgi mashqini ijro etadi. Changni boshiga qo`yib uxlab qoladi. Shu vaqt halifa Umarga g`oyibdan ovoz keladi: "Bizning bir do`stimiz bor, u Yasrabning qabri (ustida) yonida. Ul kimsaga xazinadan 700 dinor olib borib ber. Yana zoriqsa yana tashrif buyursin". Umar 700 dinorni olib yasrab qabriga boradi. U yerda Piri Changiydan boshqa kimsa yo`q edi. U hayron bo`lib tursa, Changiy uyg`onib qoladi. Umar unga 700 dinorni beradi va aytadi: "Alloh seni o`ziga do`st deb bilibdi, men ham sening do`stingman. Boshingga mushkil ish tushsa qoshimga kelgin. "Sening soz chertishing Egamni o`ziga rom etdi" - deydi. Bu voqea to`g`risida taniqli fors shoiri Jaloliddin Rumiy (1273 yil) ham she'rlar yozgan.




 


 
 
© Husniddin ATO,2003-2008