|  
                                        QOBUSNOMA 
                                  O`ttiz oltinchi bob..
  HOFIZ 
                                  VA SOZANDALIK ZIKRIDA. 
                                           Ey 
                                farzand, agar hofiz bo`lsang, xushfe’l, 
                                quvnoq bo`l, hamisha pok, mutayyab va 
                                xush zabon bo`lg`il va o`z ishingga mashg`ul bo`lg`il, 
                                yaramas xulq, qo`pol bashara bo`lmag`il. Hamma 
                                vaqt og`ir yo`llarni chertmag`il, chunki 
                                barcha mashq va ohangni bir xilda chertish shart 
                                ermasdur, nedinkim odamlarning barchasi bir xilda 
                                bo`lg`on ermaslar, ta’blari ham bir-biriga 
                                muvofiq ermas, ya’ni xalq muxtalif 
                                durlar. Shul vajdin, bu fanning ustodlari san’atga 
                                shundoq tartib bermishlarki, avval podshohlar 
                                majlisi uchun xisravona dostonlar tuzmishlar, 
                                undin so`ng vaznsiz bir og`ir yo`l tuzmishlarki, 
                                uni ikki surud bila aytsa bo`lur va unga 
                                og`ir yo`l deb ot qo`ymishlar. Bu yo`l qarilarning 
                                va xiradmandlarning ta’biga mos kelmush 
                                erdi va bul yo`lni mazkur qavm uchun tuzdilar. 
                                Undin so`ng ersa ko`rdilarki, xalqning barchasi 
                                qarilar va xiradmandlar ermasdurlar. Shundan keyin 
                                lojaram yigitlar uchun bir yo`l tuzatdilar. Undan 
                                keyin engilroq vaznlik she’rlar uchun engil 
                                yo`llar tuzib, ularga xafif deb ot qo`ydilar, 
                                og`ir yo`ldan so`ng bu xafif yo`lni chertdilar. 
                                Mutriblar qarilar hak yigitlar ham undan 
                                bahramand bo`lsinlar, dedilar. Undan keyin yosh 
                                o`g`lonlar va latif ta’b odamlarning 
                                ba’zilari bebahra qoldilar. Mazkur qavm 
                                uchun tarona aytmoqni paydo qildilar, toki mazkur 
                                qavm ham bahra va rohat topg`aylar, chunki barcha 
                                vaznlarning orasida taronadan latifroq vazn yo`qdur. 
                                Demak, bularning barchasini birdek qilib chertmag`il 
                                va bir xilda kuylamag`il, mening bayon qilg`nimdek 
                                chertib, aytg`il. Bas, barcha ulus seniig sozingdan, 
                                ovozingdan bahramand bo`lsin.Bir 
                                majlisda o`ltursang majlis ahlig`a qarag`il, agar 
                                eshitguvchi qizil yuzlik va mosh-birinch 
                                soqollik bo`lsa, payvas zer tor bila 
                                chertg`il; agar sariq yuzlik bo`lsa bo`sh tor 
                                bila chertg`il, agar qora yuzlik, nahif 
                                va savdoyi bo`lsa, ko`proq uch tor bila chertg`il, 
                                agar oq, semiz va martub bo`lsa, ko`proq 
                                bam bila chertg`il, nedinkim bu rudni 
                                odamning to`rt ta’bi uchun muhayyo qilmishlar. 
                                Bu aytg`onlarimda mutriblik, ya’ni she’r 
                                aytmoq sharti va rasmi yo`qdur. Hofizlik qilsang, 
                                she’r yozmoqni ham bilsang, o`z she’ringni 
                                aytmoqqa haris bo`lmag`il, nedinkim sening 
                                she’ring o`zingga xush kelsa ham, boshqaga 
                                xush kelmasligi mumkin, chunki hofizlar xalq she’rinnng 
                                roviysidur, o`z she’rining roviysi 
                                emas.
 Agar 
                                seni bir majlisga olib borsalar, unda ikki kishi 
                                nard o`ynab o`tirg`on bo`lsa, garchi sen nardboz 
                                bo`lsang ham, hofizlikni tark etib ularning ta’lim 
                                va tomoshasiga mashg`ul bo`lma, chunki seni hofizlik 
                                uchun keltirmishlar, nardbozlik uchun keltirg`on 
                                emaslar.
 Har 
                                surudni o`rg`onsang vazndin g`ofil bo`lmag`il., 
                                vaznsiz tarona aytmag`il va g`azal yozmag`il. 
                                Kuylar vaqtingda suruding boshqa joydan, sozing 
                                boshqa joydan bo`lmasin. Agar bir kishiga oshiq 
                                bo`lsang, butun kunni boshidan oxirigacha o`zingga 
                                xush kelg`on g`azalni aytmoq bila o`tkarmag`il 
                                (bunday g`azal) o`zingga xush kelsa ham o`zgalarga 
                                xush kelmag`usidur. Har surudni boshqa bir ma’nida 
                                aytg`il.
 She’r 
                                va g`azalni ko`p yod bilg`il va har turli she’r 
                                yozishni o`zingga lozim bilg`il. Har vaqtning 
                                o`ziga munosib g`azallarni o`qig`il: bahorda xazonga 
                                munosib, xazonda bahorga munosib, qishda yozga 
                                munosib va yozda qishga munosib g`azallarni o`qimag`il.
 Agar 
                                nazirsiz ustod bo`lsang ham majlis ichidagi 
                                hariflarga qarag`il, agar musiqiydan 
                                zavq olg`uvchi qarilar va xos odamlar bo`lsa, 
                                mutriblik qil, yaxshi yo`llarni va navolarni chertg`il. 
                                Qarilik va dunyoning mazammatidan ko`proq 
                                surud aytg`il. Agar majlis ahli yosh yigitlar 
                                bo`lsa, engil yo`llarni ko`proq chertg`il va oson 
                                surud aytg`il. Agar majlis ahli sipohiy va bahodirlar 
                                bo`lsa, urush qilmoqda va qon to`kmoqqa va iyorlik 
                                qilmoqqa oid maxsus she’rlarni o`qig`il. 
                                Bunday vaqtda ulug` yo`llardan – iroq, navo, 
                                faryod va bularga o`xshashlarni chertaman deb 
                                majlisni sovutmag`il. Yana diqqat qilib qarag`ilki, 
                                mazkur bazmda har kishi qaysi yo`lni yaxshi ko`radi, 
                                shu kishaga kosa etg`on choqda uni aytg`il. Unday 
                                vaqtda ul odamlardan biror narsa umid qilsang, 
                                shuni topasan, nedinkim hofizlik yaxshi xunardirki, 
                                eshitg`on odamlarning ko`nglini olursan.
 Har 
                                majlisdaki bo`lsang, bodani va nabizni oz ichg`il, 
                                chunki sen tanga olishing lozim. Tangadan esa 
                                qancha bersalar, rozi bo`lg`il. Hargiz ummatlarga 
                                istiza qilmag`il va ishrat ahli mast 
                                bo`lg`on paytda sen o`z do`stlaring bila so`zlashmakka 
                                mashg`ul bo`lg`il, nedinkim, tanga bu ishdan hosil 
                                bo`lur.
 Hofiz 
                                bo`lsang arbada qilg`uvchi bo`lmag`il, 
                                toki arbada sababidan hofizlik tangasi qo`lingdan 
                                ketmasin va boshing yorilib, to`ning yirtilib, 
                                tanburing sinib uyingga qaytib bormag`il, nedinkim 
                                hofizlar mastlarning muzduri bo`lurlar. 
                                Arbada va gustohlik qilg`on muzdurga 
                                muzd bermaslar.
 Agar 
                                majlisda bir odam seni maqtasa, ta’rif qilsa, 
                                sen unga mehribonlik ko`rgizg`il va u qaysi surudni 
                                xohlasa shuni aytg`il, toki o`zgalar ham seni 
                                ta’rif qilsunlar, mast bo`lg`onlaridan so`ng 
                                ul ta’rifga loyiq tanga bersunlar. Agar 
                                mastlar bir yo`la surud ayt desalar, uni aytmoq 
                                senga malol kelmasin, har na buyursalar, shuni 
                                chertg`il va shuni aytg`il, nedinkim mutriblarning 
                                ulug` hunari mastlarning ishiga sabr qilmoqdur. 
                                Agar sabr qilmasalar, muzdurlik in’omidin 
                                mahrum bo`lurlar. Yana debdurlarki, hofiz ko`r, 
                                kar va soqov bo`lmog`i kerakdir. Agar hofiz bir 
                                majlisga borsa, unda ko`rg`on va eshitg`on narsalarni 
                                o`zga joyga borib aytmasun. Bunday mutrib hamisha 
                                aziz va arjumand bo`lur.
 
 Mutayyab 
                                — xushruy. yo`l — maqom, ohang. Muxtalif 
                                — har xil. Surud — ashula, 
                                qo`shiq, Hafif — vazni engil, Mutrib 
                                — sozanda. Latif — yumshoq, 
                                muloyim, go`zal, yoqimli. Mosh-birinch 
                                — mosh-guruch. Payvasta — 
                                o`zaro bog`langan, tutash, doimiy, uzluksiz. Zer 
                                — musiqiyda eng ingichka va nozik ovoz. 
                                Nahif - ozg`in. Martub — 
                                rutubatli, ho`l, nam. Bam — musiqadagi 
                                baland tovush. Rud — musiqa cholg`u. Xaris 
                                — berilib ketmoq, hirs qo`ymoq. Roviy — 
                                hikoyachi, rivoyat qiluvchi. Nazirsiz 
                                — benazir — mislsiz. Harif—ulfat. 
                                Mazammat — yomonlik, ko`rlik. Ummat 
                                — bir tilda so`zlashuvchi insonlar majmui. 
                                Istiza — janjal, kurash. Arbada 
                                — shovqin-suron, to`polon, qiy-chuv, g`azab. 
                                Muzdur — yollanib ishlovchi, mardikor. 
                                Gustoh — odobsiz, andishasiz, tortinmaydigan. 
                                Muzd — ish haqi, xizmat haki, to`lov.
 |