O`ZBEK :: ENGLISH    

KUTUBXONA

 

Hoji Abdulaziz Rasulov

          Hoji abdulaziz Rasulov o`ziga xos ijrochilik uslubi va yorqin ijodiy yo`liga ega bo`lgan, o`zbek va tojik kuylarini mohirona ijro etuvchi, O`zbekistonda keng shuhrat qozongan hofizlardan biri edi.
        Rasulov 1852 yilda Samarqandda tug`ilgan Abdulaziz yoshlik chog`idayoq o`zbek va tojik mumtoz shoirlari: Fuzuliy, Jomiy, Navoiy, Bedil va boshqalarning ijodi bilan tanishadi. O`rtoqlari bilan musiqachilar ashulachilar va shoirlar ishtirok etadigan kechalarga tez-tez borar, Ramazon oyida Samarqandga kelgan atoqli Buxoro musiqachilarining ijrolarini tinglar edi.
        Rasulovning shu vaqtlardan boshlab musiqaga bo`lgan havasi yanada oshdi. Mashhur tanburchi Xo`ja Raximquldan tanbur chalishni o`rgana boshladi.
        Rasulov uch-to`rt yil davomida tanburchi Xo`ja Rahimberdi bilan maqomlarning cholg`u qismlarini o`rgandi. Bir oz vaqtdan keyin o`sha davrning mashhur ashulachisi Burxon bilan birlikda ashula aytadigan bo`ldi. Burxon o`zbek va tojik ashula san`atini, "Shashmaqom"ni yaxshi bilardi va yoshi o`tib qolgan bo`lishiga qaramay ashulani yaxshi aytar edi. Rasulov Burxon bilan birga O`zbekistonning shahar va qishloqlarida bo`ladi va asta-sekin uning cholg`u chalish va ashula aytish san`atini o`rganib oladi.
        O`z shahriga qaytgach, Samarqand ca uning atrofidagi qishloqlarda maqomlardan: "Iroq", "Ushshoq", "Nasrulloiy", "Mustazod" kabi parchalarni ijro eta boshlaydi.
        Rasulov sekin-asta eski an`anadan uzoqlasha boradi. Masalan, Buxoro va Samarqandda ashulachilar odat bo`yicha o`zlariga tanburda jo`r bo`lardilar. Rasulov esa anashu odatdan voz kechadi va maqomlarni dutorda chaladi. Bu bilan esa sevimli cholg`u asboblari dutor hisoblanuvchi joylarda (Farg`ona, Toshkent) ham maqomlarning keng tarqalishiga yordam beradi.
        Rasulovning ovozi lirik tenor bo`lib ko`proq o`rta registrda yaxshi jaranglar edi. Uning tovushi qanchalik kuchli va tovushqatori katta bo`lishiga qaramay, Rasulov undan mohirlik bilan foydalana olganligi tufayli uning ijrosi juda shirali chiqardi. Ashulachi musiqaga qobiliyatli kishi bo`lganligi uchun ijro etadigan asarning avvalo mazmunini ochishga, uning badiiy obrazini gavdalantirishga intilardi.
 
© Husniddin ATO,2003-2008