|
| |
 |
|
| |
Usta Olim Komilov Respublikamizning eng yirik xalq musiqachilaridan biri edi. Xalq cholg`u asboblaridan chang va doirani yaxshi chaluvchi, turli xil ashula-raqs usullarini to`plovchi usta doirachi umrining qirq yildan ortiqrog`ini sevimli san`atiga bag`ishladi.
Olimjon Komilov 1875 yilda Marg`ilonda to`quvchi kosib oilasida tug`ilgan. U yoshligidan otasidan yetim qolib, o`n yoshlik chog`ida aravasozlik ustoxonasiga ishga kirishga majbur bo`ldi. Bola o`zining birdan-bir quvonchi bo`lgan musiqani to`ylarga yashirin borib eshitar edi.
Olimjon doiraning aniq va ifodali usullarini juda yaxshi ko`rar edi. U ishidan bir oz bo`shgan vaqtlarida, xotirasida qolgan usullarni chalishga urinardi. Shu sababli ayollar orasida tanilgan yallachi Salom xolaning diqqatini o`ziga tortdi. Yallachi bolani musiqaga, ayniqsa doiraga bo`lgan havasini ko`rib, o`zi bilan to`ylarga olib boradi. Shunday qilib u asta-sekin musiqachi va raqqosalar ishtirok etadigan kechalarda doira chala boshlaydi.
Mashhur doirachi Masaid ota yigitchadagi qobiliyatni ko`rgandan so`ng unga o`z san`tini o`rgatishga ahd qilgan edi.
"Usta olim ko`p raqslarni bilardi,-deydi Tamaraxonim,-uning chaqqon barmoqlari hamma unutgan xalq usullarini chalardi. Ansamblning juda katta vazifalarini amalga oshirishi kerak bo`lgan musiqachi xuddi shu kishi edi".
Musiqachi 1931-1934 yillar ichida xalq yaratgan, lekin unutilib borayotgan usullani to`pladi. U bu ishda o`zining sevimli ustozlari Masaid ota va Yusufjon Qiziqdan yordam oladi.
U Tamaraxonim bilan ijodiy hamkorlikda "Zang", "Gul o`yini", "Sadir" kabi yangi o`zbek raqslarini yaratdi. 1932 ylda O`zbekiston hukumati musiqa sohasidagi xizmati uchun unga mehnat qahramoni degan unvon berdi.
1935 yilda Londonda bo`lib o`tgan Xalqaro raqslar festivalida o`zbek xalqining ajoyib raqslari Usta Olim, Tamaraxonim, Abduqodir Ismoilov va To`xtasin Jalilovlar tomonidan namoyish qilindi va besh oltin medalning birini Usta Olim olgan edi. |
|