O`ZBEK :: ENGLISH    

KUTUBXONA

 
       MUSHKILOT bo`limi.
        Maqomlarning cholg`u bo`limlarida bir xil nom bilan ataladigan cholg`u qismlari bo`lib, ularning ohanglari turlicha bo`lsada, doira usullari bir xildir. Ular Tasnif, Tarji, Gardun, Muxammas va Saqil nomlari bilan mashhurdir. Maqomlarda nomdosh bo`lmagan cholgu qismlar ham uchraydi. Masalan: Navo maqomida– Nag`mai Oraz, Dugohda -Peshravi Dugoh va Samoyi Dugoh, Segoxda - Hafifi Segoh - va hokazo .
        Maqom cholg`u yo`llarining kuy tuzilishi murakkab bo`lsada, o`zining rang - barangligi, ohangdorligi bilan eshituvchini maftun etadi. Ular uchun xos narsa shuki, har bir cholg`u qism xona va bozgo`ylardan tarkib topgan.
        Xona - uy, bo`lma, musiqa islohotida kuyning o`zgaruvchan va faol rivojlanuvchi bo`lagidir. Unda kuy ohanglari o`zgarib yangicha uslubda avjga tamon harakatlanib boradi va bosh pardaga qaytib tushadi. Xonalar tufayli kuy mazmunan boyib boradi.
        Bozgo`y
– tojik tilida - qayta aytish, qaytariq demakdir va bu tuzilma kuyning xonalaridan so`ng takrorlanadigan, binobarin ularni tugallovchi vazifasini ham bajaradi. Xonalar bilan kuy takomillashadi, mazmunan chuqurlashadi va boyiydi. Bozgo`ylar esa, musiqiy fikirni yakunlab,
umumlashtirib beradi. Maqom cholg`u yo`llarida xonalarning takomillashuvida ko`pincha "Peshrav" deyilgan kuy qismlari katta ahamiyatga molik. Peshrav - tojikcha - oldinga yuruvchi, oldinga harakat etuvchi, degan ma'noni anglatadi. Ular xonalarning kuy harakatida turli balandliklarda bir necha bor takrorlanadi va bozgo`yga ulanib ketadi. Peshravlar kishiga ko`tarinki ruh baxsh etadi.
        Maqom cholg`u qismlarida doira usullarining ham o`rni kattadir. Masalan: Tasnif va Tarji qismlari bir xil doira usudila ijro etiladi; ba’zan boshqa maqomlarda qisqa shaklda ikki - uch taktli yoki Tarjei Iroqdagi kabi, besh taktli bo`lib ham kelishi mumkin. Gardun, Muxammas, Saqil, Hafif, Samoyi kabi iboralar bilan ataluvchi cholg`u qismlari shu nomli doira usullari ifodasidir. Bu erda bir narsa muhimki, Muxammas va Saqil qismlarining doira usullari juda murakkab bo`lib, Muxammaslarda 16 takt, Saqillarda 24 taktni tashkid etadi. Bu bilan birga ulardagi xona va bozgo`ylar hajmi bir - biriga teng.

© Husniddin ATO,2003-2008