O`ZBEK :: ENGLISH    

LIBRARY

        
N A M U D L A R
        Namud tojikcha "ko`rinish", "namoyon bo`lish" ma’nosini bildiradi. Namud muayyan kuy yoki ashulaning ma’lum parchasi (qismi)ning turli sho`’balari tarkibida ko`rinishidir. Ular ko`pincha muaiyan sho`’baning boshlanish kuy jumlalaridan olinadi. Namudlarning turli ko`rinishlari sho`’balarning avji sifatida ishlatiladi. Masalan: Nasri Uzzol sho`’basining boshlanishidagi 2–4 jumlasi sho`’balarning xarakteriga, doira usuliga moslashtirib, avj sifatida foydalaniladi va Uzzol nanudi deb nomlanadi. Asosiy namudlarning soni
sakkizta, avjlar esa ikkita.
       I. Uzzol namudi - Buzruk maqomining Uzzol deb nomlangan sho`’balari boshlanish jumlalaridan olingan bo`lib, Buzruk va Rost maqomlari sho`’balarida ko`plab uchraydi. Uzzol arabcha pastga tushish, sakrash demakdir. Bunda kuy boshlanishida kvarta pastga sakrama harakat qiladi.
 
       2. Muxayyari Chorgoh namudi - Dugoh maqomida Muxayyari Chorgoh sho`’basi uchramaydi. Bu namud Muxayyari Iroqdan olingani shubhasiz va Buzruk, Rost, Dugoh, va Iroq

maqomlarida keng foydalaniladi.
       3. Navo namudi – Boshqa namudlardan farqli o`laroq Nasr sho`'basidan emas, Sarahbori Navodan olingan. U surnay Navosini eslatadi.
       4. Bayot namudi (bayot - O`rta Osiyo qadimiy turkiy qabililaridan birining nomi) – Navoning Bayot sho`’balarining boshlanish jumlalaridan olingan bo`lib, Navo maqomining o`zida ishlatiladi.
       5. Ushshoq namudi (Ushshoq - Oshiqlar) - Rost maqomining Ushshoq deyilgan sho`’balari boshlanish kuy jumlalaridan olingan, Buzruk, Rost maqomlarida uchraydi.
       6. Oraz namudi - Navo va Dugoh maqomlarining Oraz sho`’balaridan olinib, Navo va Segoh sho`’balarida foydalanilgan.
       7. Segoh namudi - Sarahbori Segoh sho`’basi asosida yuzaga kelgan bo`lib, Segoh va Rost maqomlari sho`’balarida ishlatiladi.
       8. Nasrulloyi namudi - Buzrukning Nasrulloyi sho`’basidan olingan bo`lib, Segoh maqomi Navro`zi Ajam sho`’basida foydalanilgan.
       Bu namudlardan tashqari Zebo pari avji va Turk avji deyilgan avjlar ham namudlar vazifasini bajaradi.
       9. Zebo pari avji - Segohdan boshqa hamma maqomlarda ishlatiladi va mashhur avjlardan sanaladi.
       10. Turk yoki Turkiy avj nomi bilan mashhur bo`lgan maqom ashula yo`llaridan bo`lib, Savti Navoning boshdanish qismini eslatadi. Turk avji Buzruk, Segoh maqomlari sho`’balirida foydalanilgan.
       Mazkur namud va avjlar maqom sho`’balarida kuy tuzilishining qonuniy rivojlanishi, kuyning ruhi, qiyofasi, lad asosining parda tuzilishi va doira usulining xususiyatlariga moslab olinadi. Ular turli usuldagi ashulalarda o`ziga xos bo`lib gavdalanadi.
       Namudlar maqomlarning sho`’balarida yakka–yakka holda yoki guruh-guruh qilinib ishlatilishi mumkin. Guruh qilinib ishlatilganda ularning bir-biriga silliq ulanishi hisobga olinadi. Namudlar quyidagicha tartibda ulanishi mumkin.

       Uzzol namudi - Muxayyari Chorgoh namudi;
       Ushshoq namudi - Uzzol namudi - Muxayyari Chorgoh namudi;
       Ushshoq namudi - Muxayyari Chorgoh namudi;
       Segoh namudi – Ushshoq namudi - Turk avji;
       Segoh namudi - Turk avji;
       Segoh namudi - Navo namudi - Oraz namudi;
       Zebo pari avji - Muxayyari Chorgoh namudi;
       Zebo pari avji - Navo namudi;
       Oraz namudi - Navo namudi yoki aksincha;
       Bayot namudi - Navo namudi yoki aksincha;
       Muxayyari Chorgoh Namudi - Dugoh namudi;

       Bu tartib barqaror bo`lmay, xonandalar sho`’balar tarkibidagi ba’zi namudlarni tushirib qoldirishlari yoki yangi namudlar kiritib ijro etishlari mumkin. Masalan: Navro`zi Sabo sho`'basiga odatda Segoh, Navo va Oraz namudlari kiritiladi, Domla Halim Ibodov esa uni birgina Segoh namudini kengaytirib ijro etgan. Shunday qilib, namudlar turlicha shaklda qo`llanila bergan. Ular yirik shakldagi xalq kuy va ashula yo`llaridan ham turlicha foydalanidgan. Mashhur xonanda va bastakor Hoji Abdudaziz Abdurasulov o`zi ijro etgan «Guluzorim» ashulasi Savti Ushshoq pardalari ohanglaridan iborat bo`lsada, unga Avji Turk qo`shib aytgan, Beboqcha ashulasiga esa (asli Rostdagi Savti Saboga ohangdosh) Zebo pari bilan Navo namudini kiritgan va hokazo.
       Maqomlar ashula bo`limi sho`’balarining tarkibidagi kuy tuzilmalari har xil bo`lishi mumkin. Masalan: ular odatda cholg`u muqaddima bilan boshlanadi. Keyin Daromad qismi jumlalari ijro etiladi va Miyonxat (o`rta pardalardagi ashula jumlalari)ga o`tiladi. O`rniga qarab, Dunasr (daromadning yuqori pardalarida takrorlanishi) jumlalari ijro etiladi. Keyin ma’lum sho`’baga xos namudlar (bittadan to`rttagacha kelishi mumkin) aytilib, miyonxat yoki usiz ulanib ketadigan Furovard (tushirim) qismi bilan yakunlanadi.




© Husniddin ATO,2003-2008